25 Kasım 2009 Çarşamba

Köroğlu ve Alpamışa bir şiir özbekçe

Go'ro'g'li va Alpomish


Faqat xavfu xatar shikorda -
G'animlarning jodusi yomon.
Shikor chiqsam, mushkulot korga
Boshlab qolar telba bir doston.

Jonholatda o'tar qichqirib,
Kalxat soya tashlagan oqquv...
Otning boshin yuborar burib,
Ichimdagi nogoh titranuv.

Yo, dovdirab devlar kelishar -
Aylanishar - ketishmas nari,
Yana g'avg'o qilar surbetlar...
Ot solaman Ko'yi Qof sari.

Yo yig'laydi sochini yoyib,
"Voh, bolam" deb yoqa chok maston.
Chambil qolar yana behisob,
Yana jangda tug'ilar doston.

Uxla, uxla majnun sarguzasht!
Uxla, ertak! Tin olgin, baxshi!
Shamolimdan pirpirama dasht,
Qilich, qinda turganing yaxshi!

Do'stlar, keldi uyg'onmoq fasli -
Yuming! - o'zni ko'rsin ko'zingiz.
Bog'i Eram sizdirsiz asli,
Ko'yi Qof ham xuddi o'zingiz.

Sayyohlikni men ham etdim rad
Va shunday ahd bo'ldi barqaror:
Elni tashlab ketmasligi shart
El suyanchi Go'ro'g'li nomdor!

Boqib yurtning nochor yuziga,
Ovoz berdim Alpomishga ham:
"Madad bersin Olloh o'zingga,
Chohdan chiqib yurtga qayt, bolam.

Bir zo'r bergin - chekinar taqdir,
"Xudo" degin - pirlaring ko'pdir...
Go'ro'g'lisiz el bo'lmas, axir,
Alpomishsiz mamlakat yo'qdir".

Usmon Azim

Hiç yorum yok:

Yorum Gönder